AQSh BMT Xavfsizlik Kengashiga G‘azo sektorida xalqaro xavfsizlik kuchlarini tuzish to‘g‘risidagi rezolyusiya loyihasini taqdim etdi — Axios.
Hujjatga ko‘ra, xorijiy kontingent 2027 yilgacha mintaqani nazorat qiladi, bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin. Birinchi xalqaro qo‘shinlarni G‘azoda joylashtirishni 2026 yil yanvarigacha boshlash rejalashtirilgan.
Xalqaro kuchlar o‘tish davrida G‘azo sektorida xavfsizlikni ta’minlashi kerak bo‘ladi. Shu davr mobaynida Isroil o‘z qo‘shinlarini asta-sekin mintaqadan olib chiqishi, Falastin ma’muriyati esa islohotlar o‘tkazishi lozim.
Loyihaga binoan, xorijiy kontingent G‘azo sektorining Isroil va Misr bilan chegaralarini, tinch aholining xavfsizligini hamda gumanitar yo‘laklarni himoya qilish, shuningdek, falastinlik polisiyachilarni tayyorlash uchun javobgar bo‘ladi.
Xalqaro kuchlar, shuningdek, “mintaqadagi xavfsizlik bo‘yicha vaziyatini barqarorlashtirish” va “G‘azo sektorining qurolsizlanish jarayonini ta’minlash” bilan shug‘ullanishi kerak bo‘ladi. Boshqacha aytganda, harbiylar HAMASni qurolsizlantirish jarayonini nazorat qiladi.