Bugun 5 noyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Finlyandiya Suv Forumi bilan Anglashuv deklarasiyasi imzolandi

Finlyandiya Suv Forumi bilan Anglashuv deklarasiyasi imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Finlyandiya Suv Forumi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv deklarasiyasi imzolandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb o‘rtasida qo‘shma bayonot imzolandi. Qo‘shma bayonot bir qator sohalarni, jumladan, chiqindilarni samarali boshqarish va atmosfera havosini muhofaza qilish masalalarini ham qamrab oldi.

Deklarasiyaga ko‘ra, ikki davlat quyidagi sohalarda o‘zaro hamkorlik qiladi:
— suv resurslarini boshqarish va muhofaza qilish, jumladan, integrasiyalashgan suv resurslarini boshqarish;
— barqaror va energiya tejovchi yechimlarga qaratilgan suv ta’minoti va chiqindi suvlarni tozalash texnologiyalari;
— avtomatlashtirilgan onlayn ekologik monitoring tizimlari, gidrometeorologik va agrometeorologik kuzatuvlar hamda mahalliy suv tozalash inshootlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqish;
— suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizasiya qilish, qurish, rekonstruksiya qilish, foydalanish va gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash;
— suv resurslaridan samarali foydalanish va rag‘batlantirish asosidagi boshqaruv tizimini joriy etish;
— yer usti va yer osti suvlarini samarali boshqarish, baholash, monitoring qilish va foydalanish;
— yer osti suv manbalarini samarali muhofaza qilish va tiklash;
— suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha tajriba almashish;
— innovasiyalar va texnologiyalar, jumladan, masofadan zondlash, ma’lumot to‘plash va qayta ishlash sohasida tajriba almashish;
— qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va texnik hamkorlik;
— atmosfera havosi va suv resurslarini qamrab olgan uzluksiz onlayn ekologik monitoring tizimlarini rivojlantirish va boshqalar.

Bundan tashqari, deklarasiyada texnik bilimlar, ma’lumotlar va ilg‘or tajribalar almashish, konferensiyalar, seminarlar, treninglar va o‘quv tashriflarini birgalikda tashkil etish, pilot loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, Finlyandiya va O‘zbekiston ekologiya hamda suv sohasidagi kompaniyalari o‘rtasida biznes va investisiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Mazkur deklarasiya atrof-muhitni muhofaza qilish, xususan, suv resurslarini boshqarish, barqaror rivojlanish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, iqlim o‘zgarishi, gidrometeorologiya sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga hamda atrof-muhitni monitoring qilish va muhofaza etish sohasida innovasion va “aqlli” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Kiritildi: 18:45 02.11.2025. O'qildi: 879 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!