Markaziy bankning sentyabr oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlarida banklar va to‘lov tashkilotlari faoliyatiga oid 43 ta masala ko‘rib chiqilgan va qonunbuzarliklar aniqlagan 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanilgan.
Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025 yilning sentyabr oyidagi yig‘ilishlarida (9 marta) 43 ta masala ko‘rib chiqilgan va tegishli qarorlar qabul qilingan. Bu haqda Markvziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 28 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (5 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (2 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (3 ta), mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziya berish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (14 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holati, prudensial me’yorlarga rioya etilishi va bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha 15 ta masala muhokama qilingan. Bunda, banklar tomonidan Markaziy bank ko‘rsatmalari va milliy qonunchilik talablariga to‘liq amal qilinmagan holatlar qayd etilgan.
Tekshiruvlar natijasida 7 ta bank va 13 ta to‘lov tashkilotiga faoliyatidagi kamchiliklar uchun ogohlantirish berilgan. Ularga prudensial normativ talablariga amal qilmagani, ichki nazorat tizimini yetarlicha samarali tashkil etmagani va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun chora ko‘rish tavsiya etilgan.
Eng muhim qarorlardan biri sifatida, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga hamda ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishga qarshi kurash qoidalarini buzganligi va mijozlar bilan munosabatlarda qonunchilik talablariga amal qilmaganligi uchun 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llandi.
Markaziy bank ta’kidlashicha, bu choralar bank tizimida shaffoflikni ta’minlash, mijozlar manfaatlarini himoya qilish va moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan.