Yangi Toshkent xalqaro aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1310 gektar maydonda quriladi. «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasida yangi aeroportning joylashuvi ko‘rsatildi.
Qurilish hududining janubiy qismida Yangitosh va Tinchlik aholi punktlari, shuningdek, Yangihayot shaharchasi joylashgan — ob’ekt qisman Xalqobod mahallasi hududini qamrab oladi.
G‘arbiy tomondan Chirchiq daryosi oqib o‘tadi, sharqiy tomondan temir yo‘l (22 km to‘xtash nuqtasi) o‘tadi, shimolda esa Toshloq, Yunuchqala va Oqtam qishloqlari joylashgan.
Mavjud Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroport va yangi inshoot orasidagi masofa 15 kilometrdan oshadi.
Jurnalist Aziza Qurbonovaning ma’lum qilshicha, loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida amalga oshirilmoqda. Konsorsium tarkibiga quyidagilar kiradi:
Vision Invest (Saudiya Arabistoni) — 45%
Sojitz Corporation (Yaponiya) — 30%
Incheon International Airport Corporation (Janubiy Koreya) — 15%
Uzbekistan Airports (O‘zbekiston) — 10%
Loyiha to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 2,6 milliard dollar investisiya jalb etilishi kutilmoqda, shundan 1,8 milliard dollari aeroport terminali qurilishiga va 800 million dollari aerodrom infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Yangi aeroport yiliga 20 million yo‘lovchi va 129 ming tonna yukni qabul qila oladi, soatiga 30 tagacha uchish-qo‘nishni amalga oshiradi va bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi.
Duty Free zonasi maydoni 46 000 kvadrat metr bo‘ladi — bu dunyodagi eng yirik aeroportlar: Istanbul — 50 000 kvadrat metr, London Xitrou — 48 000 kvadrat metr, Dubay — 40 000 kvadrat metr bilan deyarli bir xil.
Jurnalist prezidentning so‘zlariga iqtibos keltirgan holda, joy tanlashda hatto ob-havo sharoiti va tuman darajasi ham hisobga olingani — eng kam tuman va barqaror ob-havo bo‘lgan hudud tanlanganini ta’kidladi.
Yangi aeroportga Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon, Toshkent — Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llari ulanadi. Shuningdek, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, Toshkent va Yangi Toshkent markazlari o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi aeroport davlatga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltirishi taxmin qilinmoqda.