Evropa Ittifoqi (EI) 2025 yil 12 oktyabrdan tashqi chegaralarda yangi raqamli nazorat tizimi — Yagona kirish-chiqish tizimi (EES)ni joriy etishni boshlaydi. Bu haqda ma’lumot YEI rasmiy saytida e’lon qilindi.
Yangi tizim pasportlarga muhr bosish amaliyotini bekor qiladi. Endilikda uchinchi davlatlar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolarining Yevropa Ittifoqiga kirish va chiqish holatlari elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
EIga birinchi marta kirish yoki chiqish paytida chet ellik fuqarolarning fotosuratlari va barmoq izlari olinadi. Bu chora chegaradagi nazoratni kuchaytirish hamda qoidabuzarliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirishni maqsad qiladi.
EI mamlakatlari tizimni olti oy davomida bosqichma-bosqich joriy etadi. Yangi mexanizm YEI fuqarosi bo‘lmagan shaxslarning 180 kunlik davrdagi 90 kunlik qisqa muddatli safarlarini aniq hisobga olish imkonini beradi.