Oliy Majlis Senati sobiq “Toshturma” hududida qurilishi rejalashtirilgan xiyobon bo‘yicha Toshkent shahar hokimiga senator so‘rovini yubordi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan Yunusobod tumani Namagan ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan sobiq 1-sonli tergov hibsxonasi bino-inshootlari va unga tegishli hudud Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan edi. Hujjat bilan mazkur hududda barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etish vazifasi yuklatilgan.
Biroq oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay, farmoyishda belgilangan vazifalar ijrosi hanuzgacha to‘liq ta’minlanmagan. Hozirda ushbu yer maydonlari qarovsiz holatda qolayotgani, ayrim qurilish kompaniyalari tomonidan esa hududdan xususiy manfaatlarda foydalanishga bo‘lgan urinishlar kuzatilayotgani fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova tomonidan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga senator so‘rovi yuborildi.
Senator Toshkent shahar hokimidan mazkur hududning hozirgi holati, farmoyishda belgilangan vazifalar bajarilishi kechikkani sabablari hamda tegishli yer maydonini obodonlashtirish va zamonaviy xiyobon barpo etish bo‘yicha ko‘rilgan amaliy choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berilishini so‘ragan.
“Toshturma”
Hukumat farmoyishi bilan 2018-yilda Toshkent shahar hokimligiga “Toshturma”ni uch oy ichida buzish, so‘ng buzishdan bo‘shagan yer maydonini obodonlashtirish va unda zamonaviy xiyobon barpo etish vazifasi yuklatilgan. Xalq orasida “Toshturma” nomi bilan mashhur bo‘lgan mazkur hibsxona o‘sha yilning yanvar oyida Zangiota tumaniga ko‘chirilgan edi.