Bugun 7 oktyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

HAMAS Tramp shartlariga rozi bo‘ldi, AQSh prezidenti Isroilga zarbalarni to‘xtatishni buyurdi

HAMAS Tramp shartlariga rozi bo‘ldi, AQSh prezidenti Isroilga zarbalarni to‘xtatishni buyurdi

Donald Tramp «chinakam jahannam» bilan tahdid qilgach, HAMAS G‘azoda garovda ushlab turilgan barcha isroillik asirlarni ozod etishga kelishdi.

Al Jazeera agentligi xabariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampning qattiq bayonotidan so‘ng HAMAS harakati Isroil bilan tinchlik kelishuvini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Guruhning bayonotida aytilishicha, ular barcha isroillik asirlarni ozod qilish hamda G‘azo sektori boshqaruvini xalqaro organga topshirishga rozilik bildirishgan.

Bundan tashqari, HAMAS yetakchilaridan biri Musa Abu Marzuq Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida, asirlarni ozod qilish va o‘ldirilganlarning jasadlarini qaytarish jarayoni 72 soatdan ko‘proq vaqt talab qilishini aytdi. U Tramp taklif qilgan muddatni «hozirgi vaziyatda amalga oshmaydigan», deb baholadi.

HAMAS o‘z bayonotida G‘azo sektoridagi hokimiyatni falastinliklar tomonidan tashkil etiladigan milliy konsensus asosidagi rahbariyatga topshirishga tayyorligini ham bildirdi. Bu jarayonda arab va islom dunyosi ko‘magi ham kutilmoqda.

Reuters agentligi esa HAMAS tinchlik muzokaralarini xalqaro vositachilar orqali boshlashga tayyor ekanini ma’lum qildi. Biroq Trampning rejasida ko‘zda tutilgan G‘azoning kelajagi va falastinliklarning qonuniy huquqlariga oid masalalar «milliy birlikka asoslangan» holda muhokama etilishi belgilandi. HAMAS ushbu muzokaralarda mas’uliyatli ishtirok etishini bildirgan.

3 oktyabr kuni Donald Tramp Truth Social tarmog‘idagi sahifasida HAMASga murojaat qilib, agar ular AQSh tomonidan taklif etilgan tinchlik rejasini qabul qilmasalar, ularni «misli ko‘rilmagan jahannam» kutyapti, deb bayonot bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda qolgan HAMAS a’zolari tuzoqqa ilingan va agar kelishuvdan bosh tortishsa, «ular topilib yo‘q qilinadi».

Tramp haftaning boshida G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim qilgan edi. Unga ko‘ra, HAMAS 72 soat ichida barcha isroillik asirlarni — tiriklarini ham, jasadlarini ham qaytarishi, Isroil esa 2 mingga yaqin HAMAS a’zolarini ozod qilishi kerak edi. Shuningdek, o‘t ochish to‘xtatilishi, Isroil qo‘shinlarining bosqichma-bosqich chiqib ketishi va xalqaro tashkilot boshchiligida o‘tish hukumati tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

HAMASning roziligidan so‘ng Tramp yana bir bayonot berib, Isroilni G‘azoga zarba berishni darhol to‘xtatishga chaqirdi. Unga ko‘ra, «hozirgi vaziyatda asirlarni xavfsiz ozod qilish uchun bombardimon qilish to‘xtatilishi kerak». Tramp muzokaralar boshlanganini va ularning muhokamalari davom etayotganini bildirdi.

Kiritildi: 12:33 04.10.2025. O'qildi: 935 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!