EI mamlakatlari deb atalgan «dronlarga qarshi devor» qurilishi bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. Bu reja Finlyandiyadan to Ruminiyagacha bo‘lgan NATOning sharqiy chegarasida dronlar — jumladan, Rossiya tomonidan uchirilgan va noma’lum uchuvchi apparatlarga qarshi himoya tizimini yaratishni nazarda tutgan edi.
Sharqiy Yevropadagi davlatlar uchun ushbu tashabbus zarur chora sifatida ko‘rilmoqda. Biroq chegaradan uzoqda joylashgan mamlakatlar bu loyihani juda katta xarajat talab qiladi deb hisoblashmoqda va uning YEI va NATO mudofaa strategiyasiga mos kelishiga shubha bilan qarashmoqda. Shuningdek, ular Bryusselning milliy mudofaa siyosatidagi vakolatlari kengayishi mumkinligidan xavotirda.
Bu masala 2–3 oktyabr kunlari Kopengagenda bo‘lib o‘tgan YEI yetakchilari uchrashuvi va Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida muhokama qilindi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron jurnalistlarga shunday dedi:
«Dronlar va ularga qarshi himoya — bu ustuvor masala. Lekin biz aniq tushunishimiz kerak: Yevropa uchun ideal devor yo‘q. Gap 3000 kmlik chegara haqida ketmoqda. Siz o‘ylaysizmiki, bu chegarani to‘liq yopish mumkin? Javob — yo‘q».
Germaniya kansleri Fridrix Mers Politico nashri ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida loyihani qattiq tanqid qilgan. Shu kuni Myunxen aeroporti dronlar tufayli vaqtincha ishini to‘xtatgan — 15ta samolyot boshqa shaharlarga yo‘naltirilgan. Sentyabr oyida Germaniyaning shimolida ham noma’lum dronlar aniqlangan edi.
Evroparlamentning xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Xanna Noymann ta’kidlashicha, bu «devor» YEI oldida turgan yanada murakkab muammolarni hal qilmaydi:
«U bizga kiberhujumlardan himoya, havo mudofaasi, o‘q-dorilar ishlab chiqarish yoki qaror qabul qilishdagi tizimli muammolarni bartaraf qilishda yordam bermaydi».
Evropa komissiyasining mudofaa bo‘yicha komissari Andryus Kubilyus dronlarni aniqlash tizimini yaratish uchun taxminan bir yil kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, quruqlik va dengizda to‘liq himoya tarmog‘i qurilishi 1 milliard yevro atrofida mablag‘ talab qiladi. Kubilyus ta’kidladi:
«Bu yangi Majino chizig‘i emas — shu bois uni ‘devor’ deb atash to‘g‘ri emas».
Evropa Ittifoqidagi kelishmovchiliklar asosan moliyalashtirish masalasiga borib taqalmoqda. Yevropa Komissiyasi va sharqiy qanotdagi mamlakatlar qurilish xarajatlarini YEI byudjeti hisobidan qoplash tarafdori.
Biroq Italiya bosh vaziri Djordja Meloni va Gresiya bosh vaziri Kiriakos Misotakis shunday deyishdi:
«Qo‘shma mudofaa loyihalari butun ittifoq uchun foyda keltirishi kerak, faqat sharqiy mamlakatlarga emas».