Ijtimoiy tarmoqlarda "Bo‘zsuv" kanaliga rangli oqova suvlari oqizilayapti", degan videomaterial tarqaldi. Holat yuzasidan "O‘zsuvta’minot" AJ quyidagilarni ma’lum qildi:
Qayd etilishicha, ushbu mavzu bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Ma’lumki, Toshkent shahridan chiqayotgan oqova, ya’ni kanalizasiya suvlarini tozalovchi 3 ta inshoot mavjud.
Ular aholidan kelayotgan maishiy, ya’ni oshxona, hammom, hojatxona suvlarini qabul qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, biologik usulda tozalash texnika va texnologiyalari bilan jihozlangan. Bunda aynan kimyoviy tashlamalarni birlamchi korxonalar tozalashi nazarda tutilgan.
Biroq, yurtimizda tadbirkorlik va ishlab chiqarish jarayonlarining rivojlanishi va ulardan kanalizasiyaga tashlanayotgan turli kimyoviy chiqindilar hamda tekstil korxonalardan chiqayotgan bo‘yoq qoldiqlari, ya’ni rangli suvlar inshootlarning ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aslida belgilangan me’yorga ko‘ra, har bir ishlab chiqaruvchi korxonada lokal inshoot bo‘lishi talab etiladi. Ushbu birlamchi inshootlar korxonadan chiqayotgan kimyoviy chiqindilarni tozalashi lozim.
Ammo bunday inshootlarning ekspluatasiyasi qimmatga tushganligi bois, afsuski, ba’zi ishlab chiqaruvchilar korxonadan chiqqan oqova suvlarni kanalizasiyaga oqizib yuborishni afzal ko‘rmoqdalar.
Siz tasvirda ko‘rayotganingiz turli rangli oqova suvlar tekstil korxonalaridan chiqmoqda. Tozalash inshooti ranglar va kimyoviy tashlamalarni ajratib ololmaydi, afsuski.
Respublikamizdagi barcha ishlab chiqarish korxonalaridan bu kabi oqova suvlarni kanalizasiya tarmoqlariga yoki tabiatga yo‘naltirmasliklarini, bu kabi xatti-harakatlari nafaqat ishlab chiqarish, jamiyat yoki tabiat me’yorlariga, balki insoniylik prinsiplariga ham to‘g‘ri kelmasligini eslatib o‘tamiz, deyiladi rasmiy tashkilot xabarnomasida.