Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2025 yil 7 apreldagi hukmiga muvofiq A. K. (1996 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, “DOKTOR-SERVIS” tibbiyot markazi reanimatologi vazifasida ishlagan) va O‘. K. (1995 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, “DOKTOR-SERVIS” tibbiyot markazi reanimatologi vazifasida ishlagan) Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularning har biriga 1,5 yil muddatga sog‘liqni saqlash tizimida reanimatolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shuningdek sudning hukmi bilan A. K. va O‘. K.dan solidar tartibda jabrlanuvchi marhuma R. YA.ning qonuniy vakili D. I.ning foydasiga 334 150 000 so‘m miqdorida moddiy zarar undirilishi belgilangan. Jabrlanuvchining qonuniy vakili D. I.ga jinoyat oqibatida yetkazilgan boshqa moddiy va ma’naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2025 yil 30 sentyabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirildi.