Nashr manbalariga ko‘ra, Xitoy Kiberxavfsizlik boshqarmasi ikki oylik kampaniya boshlaganini e’lon qilgan. Bu kampaniya internet foydalanuvchilari orasida “atayin salbiy hissiyotlar uyg‘otuvchi”larga qarshi yo‘naltirilgan.
Agentlikning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlar, qisqa video xizmatlari, striming platformalari va izohlar bo‘limlari nazorat ostiga olinadi.
"Rejada nafaqat zo‘ravonlikka chaqiruvchi va yolg‘on xabarlar tarqatilishi, balki “haddan tashqari pessimizm”ni targ‘ib qiluvchi kontentni ham to‘xtatish ko‘zda tutilgan", deya yozmoqda Reuters.
Taqiqqa shuningdek o‘zini kamsituvchi, tushkunlik ifodalarini o‘z ichiga olgan, haddan tashqari umidsizlikni tarqatuvchi materiallar va sun’iy intellekt yordamida yaratilgan zo‘ravonlik sahnalari ham tushadi. Bunday kontent joylashtirgan platformalar va mualliflar jazoga tortilishi mumkin.
Bu Xitoy hukumatining shunga o‘xshash ilk kampaniyasi emas, 2021 yildan beri Pekin kamida besh marta bunday tashabbuslarni e’lon qilgan.