Yangi qoidani buzganlar jazoga tortilishi mumkin.
Xitoy Kiberxavfsizlik boshqarmasi ikki oylik kampaniya boshlab, ijtimoiy tarmoqlarda “atayin salbiy hissiyot uyg‘otuvchi” kontentga qarshi kurashishini ma’lum qildi. Bu haqida Reuters agentligi xabar berdi.
Kampaniya doirasida ijtimoiy tarmoqlar, qisqa videoxizmatlar, striming platformalari va izohlar bo‘limlari kuchaytirilgan nazorat ostiga olinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, reja nafaqat zo‘ravonlikka chaqiruvchi yoki yolg‘on xabarlar tarqatilishini, balki “haddan tashqari pessimizm”ni targ‘ib qiluvchi postlarni ham to‘xtatishni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga o‘zini kamsituvchi ifodalar, umidsizlikka chorlovchi materiallar va sun’iy intellekt yordamida yaratilgan zo‘ravonlik sahnalari ham taqiqlanadi.
Bunday kontent tarqatgan platformalar yoki mualliflar jazoga tortilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bu Xitoy hukumatining birinchi tashabbusi emas — 2021 yildan beri Pekin kamida besh marta shunga o‘xshash kampaniyalarni yo‘lga qo‘ygan.