Bugun 24 sentyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Ochiq muloqotda korrupsiya holatlari haqida gapirgan tadbirkor ustidan shikoyat kiritildi

Ochiq muloqotda korrupsiya holatlari haqida gapirgan tadbirkor ustidan shikoyat kiritildi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi fuqaro (tadbirkor) Usmonjon Abdusamadovga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralari ko‘rish va huquqiy baho berilishini so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza kiritdi.

Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, shu yilning 29 avgust kuni qurilish sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda o‘zini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmonjon Abdusamadov turli da’volar bilan chiqdi.

U, jumladan, «Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor», — deya jamoatchilik orasida asossiz axborot tarqalishiga sababchi bo‘ldi.

"Mazkur ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarni keltirib chiqardi. Oqibatda qurilish sohasida respublika miqyosida olib borilayotgan islohotlarga, soha vakillari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda", — deyiladi xabarda.

Shuningdek, bu o‘z navbatida Vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazayotgani ham ta’kidlandi.

"Vazirlik qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshirilishini, bu jarayonda qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi qat’iy taqiqlanganini qayd etdi.
Jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini olish uchun arizalarni faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishi mumkin. Arizalarni ko‘rib chiqishda fuqaro va vakolatli organ vakili o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xususan, ob’ekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, uni foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi orqali to‘liq nazorat qilinadi.
Bu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlar asosida aniq tartibga solingan", — deyiladi vazirlik xabarida.
Kiritildi: 14:58 21.09.2025. O'qildi: 1023 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!