Bu haqda Ukraina dron tizimlari kuchlari rahbari Robert Brovdi ma’lum qildi.
"Leningrad viloyatining Kirish tumani hududida dron parchalari tushishi oqibatida zavodda yong‘in kelib chiqqan. Hozirda yong‘in bartaraf etilgan", — deb xabar berdi mintaqa gubernatori Aleksandr Drozdenko.
Gubernator ob’ekt nomini aniq ko‘rsatmagan, biroq Kirish shahri yaqinida uchta dron urib tushirilganini bildirgan, aynan shu yerda Kirishinefteorgsintez (KINEF) zavodi joylashgan.
Ukraina Telegram-kanallari ham KINEF hududida yong‘in yuz berganini xabar qilmoqda va hodisa joyida olingan deb taxmin qilinayotgan foto va videolarni e’lon qilmoqda. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, KINEF Rossiyaning eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri bo‘lib, u yiliga 20 million tonnadan ortiq neftni qayta ishlash quvvatiga ega.