Aynan paytda Prezidentning «Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi yangi farmonini mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda 1 060 ta qishloq xo‘jaligi korxonasiga 780 mlrd so‘m qoplab berilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarim yilligida 644 ta korxonaga 145,2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarildi. Shuningdek, 2025 yil 1 apreldan chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga to‘langan soliqning 50 foizi qaytarib berilishi yo‘lga qo‘yildi. 1 sentyabr holatiga ko‘ra esa 63 ta tadbirkorga 2,3 mlrd so‘mlik soliq qaytarib berildi.
Sherzod Kudbiyevning aytishicha, qishloq xo‘jaligida qiymat yaratadigan asosiy zanjir hali ham rasmiylashtirilmagan. Sohadagi iqtisodiy faoliyatning 44 foizi yashirin hisoblanib, uning qiymati 169,5 trln so‘mga teng. Fermer xo‘jaliklari hisobot yuritishda yetarlicha bilim va ko‘nikmaga ega emasligi qayd etildi.
«2024 yilda yetishtirilgan 2,3 mln tonna pomidordan faqat 135,8 ming tonnasi, ya’ni 5,9 foizi soliq hisobotlarida aks etgan. Shuningdek, joriy yilning olti oyi davomida 2,8 ming issiqxona, ya’ni 62 foizi birorta ham elektron hisob-faktura taqdim etmagan. Yana 1,2 ming issiqxona esa faqat 10 tagina hisob-faktura rasmiylashtirgan» dedi Kudbiyev.