Joriy yilda mamlakat bo‘ylab bog‘cha o‘rinlari qo‘shimcha 182 mingtaga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning 82 mingtasi yangi quriladigan bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Biroq qolgan o‘rinlarni yaratish masalasi hali yetarlicha hal etilmagani tanqid qilindi. Masalan, hozirgi kunda 118 ta bog‘chadagi 255 ta xona ta’mirtalab holda bo‘sh turibdi. Shuningdek, joylardagi 8 ta bog‘chani qurish va ta’mirlash ishlari 2–3 yildan beri cho‘zilmoqda.
Jumladan, Chimboy, G‘allaorol, Qiziriq va Boysun tumanlaridagi bittadan bog‘cha hali ta’mirdan chiqmagan. Dehqonobod, Sariosiyo, Bo‘stonliq va Nurafshon tumanlaridagi bittadan yangi bog‘cha qurilishi ham hali yakunlanmagan.
Viloyat va tumanlar hokimlariga 118 ta bog‘chadagi xonalarni ta’mirlab jihozlash hamda 8 ta bog‘chani ishga tushirish uchun 1 noyabrgacha muhlat berildi. Muddatga amal qilinmasa, tegishli choralar ko‘rilishi ogohlantirildi.