Bugun 12 sentyabr, 2025 yil, juma

КИР

Attestasiyadan norozi o‘qituvchilar sudda yutqazdi

Attestasiyadan norozi o‘qituvchilar sudda yutqazdi

Toshkentda o‘tgan sudda attestasiyadan norozi o‘qituvchilarning vazirlikka qarshi sud da’vosi ko‘rib chiqilib, ularning imtihonni qayta o‘tkazish talabi rad etildi.

8 sentyabr kuni Toshkentda ona tili va adabiyot fanidan dars beradigan o‘qituvchilarning da’vosi bo‘yicha sud ishi yakunlandi. Ular Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan attestasiya imtihonlarini qayta o‘tkazish va ma’naviy ziyonni qoplashni talab qilgan edi. Bu haqda Xalqtalimiinfo kanalining xabar berdi.

Sud to‘rt marotaba muhokama qilingan ishda o‘qituvchilarning da’vosini asossiz deb topdi va vazirlik foydasiga qaror chiqardi. Sudya Guli Shukurlayeva raisligida o‘tgan majlislarda da’vogar Abbror Kamolov, uning advokati, vazirlik vakillari hamda attestasiya jarayonlarini tashkil etgan mas’ul shaxslar ishtirok etdi.

O‘qituvchilarning vakillari test savollari xalqaro talablarga mos kelmasligini, ular aprobasiyadan o‘tkazilmaganini va natijalar adolatli baholanmaganini ta’kidlashdi. Ammo vazirlik yuristlari barcha test materiallari xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgani va aprobasiyadan o‘tkazilganini bildirdi. Shuningdek, tizim xalqaro tashkilot tomonidan akkreditasiya qilingani eslatib o‘tildi.

Sud da’vogar tomonining yangi ekspertlar tayinlash to‘g‘risidagi iltimosnomasini ham rad etdi. Natijada o‘qituvchilarning attestasiyani qayta o‘tkazish va ma’naviy ziyonni qoplash talabi qondirilmadi.

Shu bilan birga, sud qaroridan norozi bo‘lgan pedagoglar yuqori instansiyaga apellyasiya berishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda 190 mingga yaqin pedagog attestasiyada ishtirok etgan bo‘lib, ularning qariyb 59 foizi imtihondan o‘ta olmagan. Bu jarayon davomida ijtimoiy tarmoqlarda savollar sifati va baholash jarayoni haqida turli noroziliklar bildirilgandan so‘ng bir guruh o‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga bergan edi.

Kiritildi: 13:20 09.09.2025. O'qildi: 811 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!