Shu yilning 8 sentyabr kuni Chilonzor tumani Tirsakabod ko‘chasida olib borilayotgan Doʻmbirobod City turarjoy majmuasi qurilish hududida qurilish krani qulab tushdi.
Sanoat, radiasiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Chilonzor tumani, Tirsakobod ko‘chasida yangi qurilayotgan Doʻmbirobod City hududida yuk ko‘tarish minorali krani montaj qilish jarayonida bir tarafga og‘ib, qulagan.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, montaj tashkiloti yuk ko‘tarish kranida montaj ishlarini olib borayotgan vaqtda, texnik talablarga rioya etmagan. Kranning tayanch oyoqlarini asosga o‘rnatib ushlab turuvchi qismi mustahkam qotirilmagan. Shu sababli kranning keyingi qismini qo‘yish uchun harakatlanish davrida, kran bir tomonga og‘ib ketgan. Oqibatda kranning asosga qotirilmagan 2 ta oyog‘i ko‘tarilib ketib, kran yerga qulaydi.
Baxtsiz hodisa vaqtida kran kabinasida bo‘lgan kran boshqaruvchisi qattiq zarbdan vafot etadi.
Shuningdek, kran montajida yordam berayotgan yana ikki ishchi turli tan jarohati bilan kasalxonaga yotkiziladi.
Hozirda holat bo‘yicha Sanoat radiasiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan avariya oqibatida sodir bo‘lgan guruhiy baxtsiz hodisani texnik jihatdan tekshirish bo‘yicha mutaxassislardan iborat komissiya shakllantirilib, o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish, odam o‘lishiga, boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Halok bo‘lgan shaxs 25 yoshli L.A. bo‘lib, u yollanma ishchi bo‘lgan. Turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan ikki fuqaro — I.Q. va M.A. 21 yoshda bo‘lib, ular ham yollanma ishchilar bo‘lgan.