Bu haqda NBC News xabar bermoqda.
AQSh va Yevropa Ukrainaga NATO'ga a’zo bo‘lmagan davlatlardan, masalan, Saudiya Arabistoni yoki Bangladeshdan tinchlikparvar kuchlarni yuborish masalasini muhokama qilmoqda, chunki Rossiya G‘arb harbiylarning joylashtirilishiga qarshi, deb yozadi NBC News manbalarga tayanib.
NATO a’zosi bo‘lmagan davlatlar qo‘shinlari qurolsizlantirilgan zonani qo‘riqlashi, AQSh va boshqa davlatlar esa ushbu hududni dronlar va sun’iy yo‘ldoshlar yordamida kuzatib borishi mumkin. Biroq hozircha bu zona chegaralari belgilanmagan.
Shuningdek, Ukraina qator ittifoqchilar bilan ikki tomonlama bitimlar imzolashi, Turkiya esa Qora dengizda kemalarning erkin harakatlanishini ta’minlashi mumkinligi aytilmoqda.
Qayd etilishicha, bu reja Tramp va Putin o‘rtasida 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng ishlab chiqilgan.
"Rejalashtirish bilan bog‘liq murakkabliklar orasida Ukraina yoki kuzatuvchi kuchlar tomonidan Rossiyaning yangi bosqiniga qanday javob berilishi va qaysi choralar maqbul hisoblanishi masalalari ham bor. Tramp hozircha hech bir variantni tasdiqlamagan, ammo ularni inkor ham etmagan", deyiladi NBC News xabarida.