Turizm sektorining ma’lumotlari va so‘rovlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, “tungi turizm”, xususan, kechki sayohat tajribasi- butun dunyo bo‘ylab mashhurlikka erishmoqda. Tungi sarguzashtlar uchun Turkiyadan ko‘ra qulayroq joy yo‘q, u o‘zining yumshoq iqlimi, quyoshli tabiati va xilma-xil takliflari bilan tengi yo‘q manzillardan biridir. Turkiyaning madaniy diqqatga sazovor joylarini tunda kashf qilish imkonini beruvchi “Tungi muzeylar” loyihasi doirasida o‘tgan yili mamlakatning eng muhim madaniy meros ob’ektlariga, jumladan Izmirning Efes va Denizlining Hiyerapolisi (Pamukkale)ga 395.000 dan ortiq ziyoratchi tashrif buyurdi.
Istanbulning tungi jonli hayoti: muzeylar, konsertlar, Bosfor sayohatlari
Turkiyaning madaniy poytaxti Istanbul tunda o‘zgacha tus oladi. Tungi muzeylar loyihasi doirasida ziyoratchilar shahardagi ko‘plab muzeylarni, jumladan, Istanbul arxeologiya muzeylari va Galata minorasini o‘rganishlari, shuningdek, turli xil kechki konsertlar, ochiq osmon ostidagi kino tomoshalari va ajoyib tungi hayotdan bahramand bo‘lishlari mumkin. Bu yil Jastin Timberleyk va Robbi Uilyams kabi jahon super yulduzlarining ochiq havodagi konsertlari yozning iliq tunlarini unutilmas bayramlarga aylantiradi. City Lines tomonidan har shanba kuni quyosh botishini kuzatish uchun sayohatlar tashkil etiladi, maxsus kechki ovqat turlari esa mehmonlarga shaharning chiroqlar bilan bezatilgan manzarasidan suv uzra zavqlanish imkonini beradi.
Izmirdan Mug‘lagacha: jonli Egey dengizi
Turkiyaning Egey mintaqasidagi tungi sarguzashtlar Izmir va Mug‘lada davom etadi. Efes va Izmirdagi Madaniyat va san’at fabrikasi, Mug‘laning Bodrum suv osti arxeologiya muzeyi esa Tungi muzeylar loyihasi bilan oydin osmon ostida tadqiqot o‘tkazishga taklif qiladi. Ikkala shahardagi oqshom mazali lazzatlarga boy. Izmirning gastronomik sahnasi, jumladan, sharobga boy Urla hududi Egey osmoni ostida betakror kechki ovqatlarni taklif etadi. Dengiz mahsulotlari va Egey uslubidagi gazaklarning noyob ta’mini his ettiruvchi a’nanaviy taomxonalardan tortib, Michelin Guide tomonidan tan olingan restoranlar mavjud. Bundan tashqari, Izmirning jonli tungi hayoti tadbirlar bilan yanada maroqli bo‘ladi. Kechqurun, ayniqsa Bodrumning kurort shaharlarida afsonaviy tungi hayot boshlanadi. Ko‘proq noyob tajribalarni qidirayotganlar uchun Fethiye va Marmaris kabi Mug‘laning Moviy yaxtalarida oy nurida sokin qayiq sayohatlari va tungi sho‘ng‘ishlar mavjud. Izmirning Karaburun tumanidagi beshta maxsus joyda tungi sho‘ng‘ishlar o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Tungi suv ostidagi sarguzashtlardan yulduzlar ostidagi golf o‘yinigacha: Turk Riviyerasida bir kecha
Quyosh botganda Antaliyadagi Qadimgi Aspendos teatri yoz kechalari musiqa, opera va balet spektakllari bilan jonlanadi, nufuzli Aspendos xalqaro opera va balet festivali sahnasiga aylanadi. Antaliya muzeyi, Alaniya muzeyi va nekropol muzeyi, shuningdek, Aspendos, Patara, Side kabi qadimiy obidalar soat 22:00gacha tashrif buyuruvchilarga ochiq. Sohil bo‘ylab tungi sho‘ng‘ish uchun Kash mukammal tanlovdir, chunki u dunyoning eng yaxshi sho‘ng‘ish yo‘nalishlari o‘ntaligiga kiradi. Hashamatni izlayotganlar Belek shahriga borishlari mumkin, jahon darajasidagi golf maydonlari beqiyos taassurot qoldiradi. Maxsus yoritilgan maydonlarda o‘yinchilar yulduzlar ostida golf o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kappadokiya: ertaklar mamlakati
Ertaklar yurti Kappadokiya tunda butunlay boshqacha qiyofaga kiradi. Yengil yoritilgan vodiylar va ramziy peri bajalari yulduzlar bilan qoplangan osmon ostida sokin oqshom sayrlari uchun zamin yaratadi. Derinkuyu, Kaymakli va O‘zkonak yer osti shaharlariga soat 21:00 gacha kirish mumkin. Ko‘plab odamlar uchun esa eng zo‘r tajriba tong otishidan avval boshlanadi. Osmon zulmatga cho‘kkan paytda o‘nlab havo sharlarining asta-sekin shishirilishi, havoga ko‘tarilishi va peri bajalari ustidan suzib o‘tib, osmon uzra balet namoyishi takrorlanmas taassurotdir. Michelin qo‘llanmasidagi Turkiyaning eng yangi manzili sifatida e’tirof etilgan Kappadokiyaning mazali kechki taomlaridan tatib ko‘ring. Shuningdek, g‘or mehmonxonasida dam olib, mahalliy choylaridan yudumlab, kechani chinakam Kappadokiya uslubida yakunlashga nima yetsin!!!