Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu XAMAS bilan mahbuslarni qisman almashish taklifini rad etdi.
Mahalliy matbuot ma’lumotlariga ko‘ra, kecha Xavfsizlik vazirlar mahkamasi yig‘ilishida XAMAS bilan qisman mahbus almashish imkoniyati muhokama qilingan. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bunday kelishuvga qarshi qonun loyihasini ovozga qo‘yishni taklif etgan, ammo Netanyaxu bu masala kun tartibida emasligini bildirdi.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor G‘azo shahrini qo‘lga kiritish rejalariga va ayrim davlatlarning, jumladan Fransiyaning, Falastinni tan olish harakatlariga qarshi choralarga qaratildi. Isroil armiyasi vazirlar mahkamasiga G‘azoni bosib olish bo‘yicha rejalarini taqdim etdi.
Shuningdek, Falastinning xalqaro darajada tan olinishiga qarshi variantlar sifatida G‘arbiy sohilni anneksiya qilish va Falastin ma’muriyatiga qarshi sanksiyalar qo‘llash kabi choralar ko‘rib chiqildi.