Afg‘onistondagi zilzila oqibatida kamida 250 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda NBC xabar bermoqda.
AQSh Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan dushanbaga o‘tar kechasi Pokiston bilan chegaradosh Jalolobod shahridan 20 km uzoqlikda 6 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Zilzila markazi taxminan 8 km chuqurlikda joylashgan.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Sharafat Zamon: “Biz keng ko‘lamli qutqaruv operasiyasini boshladik va jabrlangan hududlar aholisiga yordam berish uchun yuzlab odamlarni safarbar qildik”, dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, zilzila uzoq tog‘li hududda sodir bo‘lgani uchun “odamlar talofatlari va infratuzilmaga yetkazilgan zararlar haqida aniq ma’lumot olish uchun vaqt kerak bo‘ladi”.