Nashrning yozishicha, prezident Donald Tramp tashabbusi bilan Vashingtonga joylashtirilgan Milliy gvardiya bo‘linmalariga 24 avgustdan boshlab o‘qotar qurol olib yurishga ruxsat berildi. Biroq xizmatchilar undan faqat “so‘nggi chora sifatida va hayot yoki sog‘liqqa bevosita tahdid yuzaga kelganda” foydalanishi mumkin.
Hozirda Vashingtonda turli shtatlardan kelgan taxminan 1900 nafar Milliy gvardiyachi xizmat qilmoqda. Ular Oq uy atrofini, Avraam Linkoln yodgorligidan Kongress binosigacha cho‘zilgan va sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Milliy xiyobonni, shuningdek vokzallar va metro stansiyalarini qo‘riqlamoqda.
Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Milliy gvardiya jangchilari AQSh poytaxtidagi “jinoyatchilik darajasini pasaytirish bo‘yicha missiya”da ishtirok etmoqda.
Donald Tramp avgust oyi boshida Vashingtonga Milliy gvardiya harbiylarini kiritishga qaror qilgan edi. U bu qadamni “poytaxtda jinoyatchilik darajasi yuqoriligi” bilan izohlagandi. Biroq rasmiy statistikaga ko‘ra, 2023–2024 yillarda Vashingtonda zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni kamaygan. Shunga qaramasdan, Tramp Vashington merini “yolg‘on va mutlaqo noto‘g‘ri” ma’lumot taqdim etganlikda ayblamoqda.