Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi propan yonilg‘isi quyish shoxobchasida yong‘in chiqdi. Hodisa paytida yonilg‘i quyish jarayonida qoidalar buzilgani aytilmoqda.
13 avgust kuni soat 12:58 da Oqqo‘rg‘on mahallasi, Jarqishloq hududida joylashgan avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi hududida yong‘in kelib chiqqan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yonilg‘i tashuvchi avtosisternadan rezervuarga yoqilg‘i quyish paytida texnologik talablar buzilishi oqibatida chaqnash sodir bo‘lgan.
Xabar tushishi bilan 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 13:07 da hodisa ro‘y bergan ASGQShga yetib borgan. Bir daqiqada yong‘in qurshab olinib, 13:16 da to‘liq o‘chirilgan.
Hozir yetkazilgan moddiy zarar miqdori o‘rganilmoqda. Viloyat va tuman FVB rahbarlari voqea joyiga borib, vaziyatni shaxsan nazoratga olgan.
Eslatib o‘etamiz, bundan avval, avgust oyining o‘zida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ham yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in chiqqan edi.