France Info nashrining xabar berishicha, Parij va Fransiyaning shimoli o‘rtasidagi temir yo‘l aloqasi elektr ta’minoti uzilishi tufayli jiddiy zarar ko‘rgan.
Faqat mahalliy poyezdlargina emas, balki kamida 17 ta Eurostar poyezdlari (Bryussel, Amsterdam va Londonga va aksincha) kechiktirilgan yoki butunlay bekor qilingan.
SNCF’ning sho‘’ba kompaniyasi ma’lum qilishicha, elektr ta’minoti uzilishi bilan bog‘liq hodisa Val-d’Uaz viloyatidagi Mussi uchastkasidan o‘tgan temir yo‘l qismida sodir bo‘lgan. Muammoning sababi aniqlangan, biroq katta ta’mirlash ishlari zarur, deb ta’kidlashgan.
Kompaniya sayohatchilarga imkoni bo‘lsa, safarni kechiktirishni tavsiya etmoqda va chiptalarni bepul almashtirish yoki pulni qaytarib olish mumkinligini ma’lum qilmoqda.
Euronews nashri yozishicha, Yevropadagi eng gavjum xalqaro temir yo‘l yo‘nalishlaridan biridagi bu kabi keng ko‘lamli uzilishlar yozgi turistik mavsumning qizg‘in pallasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Avvalroq Eurostar poyezdi yo‘lovchilari ko‘plab kechikishlar va reyslar bekor qilinishi bilan to‘qnash kelgandi — bu Fransiyada temir yo‘l yo‘laklarida ikki kishi halok bo‘lgani va keyinchalik Lill yaqinida kabellar o‘g‘irlangani bilan bog‘liq edi.