Eron yadrochi olimlari 2024 yil avgust oyida Rossiyaga to‘rt kunlik sirli tashrif bilan kelgani aniqlandi. Bu haqda jurnalistik surishtiruvga tayanib, Financial Times xabar berdi.
Delegasiya Rossiyaga diplomatik xizmat pasportlari bilan uchib kelgan. Ularning tarkibida 43 yoshli yadro fizikasi olimi Ali Kalvand va yana to‘rt nafar xodim bo‘lgan. Jamoa a’zolaridan biri Eron Mudofaa vazirligi nazoratidagi maxfiy Mudofaa innovasiyalari va tadqiqotlari tashkilotida ishlaydigan atom mutaxassisi edi. Olimlar tashrif davomida “Rostex” bilan bog‘liq “Texnoekspert” va “Torij” ilmiy tashkilotlarda bo‘lgani aytilmoqda.
G‘arb rasmiylariga ko‘ra, delegasiyaning yana bir a’zosi Amir Yazdyan Eron harbiy kontrrazvedkasi xodimi bo‘lgan. Eng muhim delegat Eronning Amirkabir texnologiya universitetida faoliyat yuritayotgan neytron generatorlari bo‘yicha mutaxassis, atom olimi Sorush Mohtashamiy edi.
Ta’kidlanishicha, Kalvand rus tilini mukammal biladi va Kiyev politexnika institutining yadro fizikasi yo‘nalishi bo‘yicha diplomiga ega. Uni Rossiyaga 78 yoshli rossiyalik olim Oleg Maslennikov taklif qilgan. Eronlik mutaxassislar yadro sinovlarida ishlatilishi mumkin bo‘lgan yuqori quvvatli rentgen trubkalari va elektron tezlatgichlarga qiziqish bildirgan.