Dushanba kuni soat 21:00 holatiga ko‘ra, Pekin shahrining turli tumanlaridan 82 mingdan ortiq odam evakuasiya qilindi. Bu haqda shahardagi suv toshqini nazorati shtab-kvartirasi ma’lum qildi, dey xabar beradi Sinxua.
Rasmiylar 201 sayyohlik hududi, 3480 mehmonxona va 245 kempingni vaqtincha yopishga qaror qildi. Bundan tashqari, shahar bo‘ylab 3200 dan ortiq qurilish ob’ektlari faoliyati to‘xtatilgan.
Dushanba kuni tushdan keyin Pekin meteorologiya xizmati kuchli yomg‘ir haqida ogohlantirishning eng yuqori darajasini, "qizil" darajasini e’lon qildi. Bu - Xitoyning to‘rt darajali ogohlantirish tizimining eng yuqorisidir. Sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra, Pekinning barcha hududlarida 4 avgust kuni tushdan 5 avgust ertalabgacha kuchli yog‘ingarchilik kuzatiladi.
Shaharda suv toshqinlariga qarshi eng yuqori darajadagi favqulodda choralar ko‘rildi.
Bundan tashqari, Pekin meteorologiya xizmati va suv resurslari boshqarmasi birgalikda suv toshqini haqida ogohlantirgan. Eng zaif hudud sifatida Miyun tumani qayd etilgan, Fanshan, Mentougou va Xuayjou tumanlari ham xavfli zonada.
Aholiga momaqaldiroq paytida xavfsiz joylarda panoh topish, suv bosgan yo‘llardan, tog‘li va daryo bo‘yidagi hududlardan qochish haqida ogohlantirildi.
O‘tgan hafta Pekinda kuchli yomg‘irlar tufayli 44 kishi halok bo‘ldi. Tabiiy ofatdan 300 mingdan ortiq kishi jabr ko‘rgan, 24 mingga yaqin turar-joy binosi zarar ko‘rgan.
Dushanba kuni Xitoy Xalq Respublikasining Suv toshqinlari va qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha davlat shtab-kvartirasi Pekinda, markaziy Tyanszin shahri, Xebey va Guandun provinsiyalarida suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish darajasini uchinchi darajaga ko‘tardi (bu Xitoyning to‘rt darajali milliy tizimidagi uchinchi jiddiylik darajasi).
Xabar qilinganidek, hozirda Pekin, Xebey va Guandun provinsiyalarida suv toshqinining oldini olish tadbirlarini tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar ishlayapti.