Bugun 7 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

Evroittifoq Xitoyga qarshi sanksiya hozirlamoqda

Evroittifoq Xitoyga qarshi sanksiya hozirlamoqda

Evropa Ittifoqi Rossiyani harbiy jabhada qo‘llab-quvvatlagani sabab Xitoyga qarshi sanksiya joriy etmoqchi. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyida Reuters agentligi Xitoy sanksiya choralariga qaramay, Rossiyaga yashirin ravishda harbiy dronlar uchun dvigatel yetkazib berishda davom etayotgani haqida xabar bergandi.

Sanksiyalardan qochish maqsadida dvigatellar soxta kompaniyalar orqali “canoat muzlatkichlari uchun ehtiyot qism” sifatida sotilmoqda.

Xitoy dvigatellari o‘rnatilgan “Garpiya-A1” rusumli kamikadze dronlar Rossiyaning “Almaz-Antey” davlat konserni nazoratidagi “Kupol” elektromexanika zavodida ishlab chiqarilmoqda.

Politico nashriga ko‘ra, Pekin tomonidan Moskvaga harbiy jabhada ko‘mak ko‘rsatilayotgani Bryusselda xavotir uyg‘otgan. YEIning 15 mamlakati bu masalada Xitoy hukumatiga murojaat qilgan. Rasmiy Pekin yo Moskvaga dron ishlab chiqarishda ko‘mak ko‘rsatayotgani haqidagi xabarni rad etgan, yo Bryussel so‘rovini umuman javobsiz qoldirgan.

“Hisobotlar ko‘rsatmoqdaki, Xitoy (Rossiyaga ko‘mak borasida) o‘z rolini sifat va miqdor jihatdan oshirmoqda. Bemalol aytish mumkinki, Xitoyning dastagisiz urush (Rossiyaning Ukrainaga bosqini nazarda tutilmoqda – tahr.) hozir boshqacha ko‘rinishda bo‘lardi”, – degan Yevropa diplomati.

EI Xitoyga qarshi sanksiyani avgust oyidan keyin joriy etmoqchi. Rasmiy Bryussel, ayni choqda, muloqot uchun eshiklarni ham ochiq qoldirmoqda.

Xitoyning Rossiyaga harbiy jabhada ehtimoliy ko‘magi masalasi ko‘pdan buyon muhokama qilinmoqda.

Avvalroq Bloomberg agentligi Pekin Moskvaga harbiy nishonlar uchun razvedka ma’lumotlari, harbiy sanoat uchun mikroelektronika, tank ishlab

chiqarish uchun kerakli dastgohlar va raketa yonilg‘isi yetkazayotgani haqida tahliliy material chop etgandi.

Xitoy rasmiylari na Rossiya, na Ukrainaga qurol sotmasligi, bu borada mamlakat betaraf maqomda ekanini ta’kidlagan.

Urush tufayli katta siyosiy va iqtisodiy bosimga uchragan Rossiya rahbariyati Xitoy ko‘magi va dastagiga umid qilmoqda. Ammo hozirgi vaziyatda “ayiq” va “panda” o‘rtasida kuchlar nisbati teng emas. Bu esa Pekinga Moskva oldiga yanada ko‘proq shartlar qo‘yish imkonini berayotgani aytilmoqda.

Kiritildi: 16:03 05.08.2025. O'qildi: 682 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!