Respublikachilarga moyil bo‘lgan Fox News telekanalining manbalariga tayanib xabar berishicha, Federal qidiruv byurosi (FQB) direktori Kesh Patel Trampning Rossiya bilan ehtimoliy aloqalariga oid tergovlar bilan bog‘liq maxfiy hujjatlarni aniqlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Patel "minglab hujjatlarni" yoqishga tayyorlangan paketlar ichida topgan. Ular "maxfiy xonada", ya’ni maxfiy ma’lumotlar ustida ishlash uchun mo‘ljallangan yopiq hududda (SCIF) saqlangan. Fox News suhbatdoshlarining aytishicha, Patel va uning jamoasi FQB binosida ilgari noma’lum bo‘lgan SCIF'ni topishgan.
"Topilgan hujjatlar orasida AQSh razvedkasi FQBning Tramp va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar haqidagi qarashni keng tarqatishda “muayyan rol o‘ynash” niyatidan xabardor bo‘lganini ko‘rsatadigan material ham bor. Ushbu hujjat e’lon qilinsa, AQSh hukumati 2016 yilgi prezidentlik saylovi arafasida Hillari Klintonga yordam berish maqsadida Trampning Rossiya bilan aloqalari haqidagi mojaro “bo‘rttirilgan” degan fikrni mustahkamlashi mumkin", — dedi telekanal manbasi.