Polshalik arxeologlar Gdansk shahri markazida o‘ta nodir topilmaga duch keldi. Mahalliy aholi topilgan jasadni darhol “gdansklik Lanselot” deb atay boshladi, deb xabar berdi Euronews.
O‘rta asrlarga oid qabr Sukennisa va Grodzka ko‘chalari kesishmasida, 2023 yildan beri olib borilayotgan arxeologik qazishmalar vaqtida topilgan.
2025 yil iyul oyida ArcheoScan jamoasi XIII asrga tegishli, risar tasvirlangan qabrtoshni aniqladi. Ikki kun o‘tib, aynan shu qabrtosh ostida yaxshi saqlangan risarning suyaklari chiqdi.
Taxminlarga ko‘ra, risar 40 yosh atrofida bo‘lgan. Uning bo‘yi taxminan 168-178 sm – o‘sha davr uchun bu juda baland bo‘y hisoblanadi. Qabrtosh Gotland orolining qimmatbaho ohaktoshlaridan yasalgan. Tashqi qismida zirh, qilich va qalqon taqib turgan risar tasvirlangan. Arxeologlarning ta’kidlashicha, bu inson oddiy odam bo‘lmagan.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, XIII asrda Gdansk (o‘shandagi nomi Dansig) Tevton ordeni hukmronligida bo‘lgan. Biroq ayrim olimlar bu risar XI-XII asrlarda hukmronlik qilgan Sobeslavlar sulolasi vakili bo‘lishi mumkin, deb hisoblashmoqda.
Qazishmalar paytida 1140 yilga tegishli yog‘och cherkov, o‘rta asrlarga oid ko‘cha parchalari va 1335-1341 yillarda qurilgan tevtonlarga tegishli qasr qoldiqlari ham topildi. Bu qasr 1454 yilda mahalliy aholi tomonidan vayron qilingan.
Arxeologlar topilgan suyakni yanada chuqur o‘rganib, risarning kelib chiqishi va hayot yo‘lini aniqlashga urinishmoqda.