Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida 100 gektar maydonda "Andijon texnopark maxsus iqtisodiy zonasi"ni barpo etish ishlari boshlandi.
Ushbu yirik investisiya loyihasi Xitoyning “Zhongge Investment” kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Kuni kecha mazkur ob’ektning tamal toshi qo‘yildi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, mahalliy faollar, soha mutaxassislari va investorlar ishtirok etdi.
Loyiha-smeta hujjatlariga ko‘ra, 300 million dollarlik mazkur texnopark hududida shourumlar, mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va 51 ta zamonaviy ishlab chiqarish zavodlari quriladi. Ular eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlanadi.
Ushbu loyiha doirasida 82 turdagi qurilish materiallari (mixdan tortib, tom yopishgacha) ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Dastlab yiliga 60 million dollarlik tayyor mahsulotlarni qo‘shni davlatlarga eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi.