Trampning taklifi asosida Ukrainaga qurol yetkazib berishda qaysi davlat qanday qurol yuborishi masalasida hali ham kelishuvga erishilgani yo‘q, deb xabar bermoqda Reuters
Agentlik manbalarining aytishicha, Yevropa davlatlari Trampning mavjud qurollarni Ukrainaga yuborish va buning o‘rniga Vashingtondan yangi qurollarni xarid qilish rejasidan ilk bor AQSh prezidentining matbuot anjumanidagi chiqishi chog‘ida xabardor bo‘lgan.
"Endi esa eng murakkab masala qolmoqda, ya’ni kim o‘zining qimmatbaho tizimlaridan, jumladan Patriot'dan voz kechishga tayyorligini aniqlash lozim. Chunki Tramp faqat umumiy rejani taklif qilgan, aniq harakatlar dasturi esa hali yo‘q. Yetkazib berishlarni Germaniyada joylashgan NATO'ning Ukrainani qurollantirish dasturi orqali muvofiqlashtirish rejalashtirilgan", deya yozmoqda Reuters.
Germaniya, Norvegiya, Daniya, Niderlandiya, Shvesiya, Buyuk Britaniya, Kanada va Finlyandiya ushbu tashabbusda ishtirok etishga va’da bergan.
Agentlikning yuqori martabali manbasiga ko‘ra, Germaniya, Gresiya, Niderlandiya va Ispaniya Patriot batareyasini Ukrainaga yuborish bo‘yicha maqbul nomzodlar sanaladi.
Manbalarning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Ukrainaga nafaqt mudofaa, balki hujumkor qurollarni ham yuborishga tayyor.