Joriy yilning iyun oyida Toshkent shahrida tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga qarshi o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida 300 ga yaqin shaxs aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Jumladan, ularning 70 nafariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1883-moddasiga (tilanchilik qilish) asosan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan, 47 nafari ma’muriy jarimaga tortilgan. 68 nafari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan va sud tomonidan ogohlantirilgan. 44 nafar voyaga yetmaganlar “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaz”lariga topshirilgan. 15 nafarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari aniqlanmagani sababli Reabilitasiya markaziga yuborilgan, 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 1271-moddasiga (tilanchilik qilish) asosan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Qolgan shaxslarga nisbatan tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Qayd etilishicha, joriy yilning yarim yillik hisobotiga ko‘ra, tilanchilikni o‘ziga kasb qilib olganlar 1880 kishini tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun, tilanchilik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1883-moddasida ma’muriy javobgarlik belgilangan. Bu turdagi huquqbuzarlik bilan shug‘ullanish – bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Voyaga yetmagan, keksa yoshdagi, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek, shaxslarga alkogolli ichimliklarni yohud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shunday harakat ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilsa, shuningdek takroran yoki xavfli residivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab, boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga majburlagan holda sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 1271-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.