Messenjer orqali narkotik sotish, qadoqlash va tarqatish – bu ish bilan shug‘ullangan 5 nafar shaxs Toshkent viloyatida qo‘lga olindi. Ular «tovar»ni Andijonga olib borayotgan paytda to‘xtatildi. Ularning ortidan yana bir operator ham ushlangan.
Telegram messenjeri orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodo‘konning 5 nafar a’zosi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXX hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ijara asosida yashab kelayotgan, Telegram messenjeri orqali giyohvandlik vositalari savdosini amalga oshiruvchi narkodo‘konning 5 nafar a’zosi qo‘lga olingan.
Ular 400 gr «Alfa-PVP» sintetik narkotik moddasini 0,3 grammdan qadoqlagan holda Andijon viloyatidagi mijozlarga yetkazish maqsadida olib ketayotganliklari ma’lum bo‘lgan.
Xabarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslarning ko‘rsatmasi asosida, ular tomonidan Andijon viloyatidagi 53 ta xufiya joyga joylashtirilgan har biri 0,3 grammdan bo‘lgan «Alfa-PVP» sintetik giyohvandlik vositasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur narkodo‘kon operatori vazifasini bajaruvchi, Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashovchi, 2003 y.t. shaxs Yangihayot tumani hududida ushlanib, unga tegishli avtomashinaning yukxonasi va salon qismidan 986 gr “gashish” moddasi hamda 7 kg “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi olingan.
“Ta’kidlash lozimki, narkoguruh a’zolari mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan giyohvandlik vositalarini Toshkent shahri hamda Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro viloyatlarida sotish bilan shug‘ullanishgan. Hozirda ularning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda», -deyiladi xabarda.