Bugun 26 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Elektr, gaz va suv tarmoqlariga noqonuniy ulanish bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi

Elektr, gaz va suv tarmoqlariga noqonuniy ulanish bo‘yicha javobgarlik kuchaytiriladi

24 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish maqsadida yangi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Yangi qonun loyihasida elektr energiyasi, tabiiy gaz va suv tarmoqlariga noqonuniy ulanish, ularni o‘g‘irlash bilan bog‘liq javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Jumladan, Jinoyat kodeksida bu kabi qoidabuzarliklar uchun belgilangan jarima miqdori oshirilmoqda, ma’muriy jazodan so‘ng huquqbuzarlikni takroran sodir etganlarga nisbatan jazo kuchaytiriladi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator qo‘shimcha va aniqlashtiruvchi normalar kiritilmoqda. Bu o‘zgarishlar orqali:

• yakka tartibdagi tadbirkorlarning javobgarligi aniq belgilanadi;

• gaz va elektr energiyasidan xo‘jasizlarcha foydalanishga oid huquqbuzarliklar uchun jarimalar oshiriladi;

• O‘zenergoinspeksiya nazorat vakolatlari bilan ta’minlanadi;

• ichki ishlar organlari hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga bayonnoma rasmiylashtirish vakolati beriladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan elektr energiyasini behuda sarflash bilan bog‘liq 17,6 mingta, tabiiy gazdan yoqilg‘i yoki xom ashyo sifatida foydalanish qoidalarini buzish bo‘yicha esa 7,6 mingta holat aniqlangan. Ayni paytda mavjud qonun hujjatlarida bu toifadagi tadbirkorlarni javobgarlikka tortish tartibi aniq belgilab qo‘yilmagan.

O‘zenergoinspeksiyaning ma’muriy bayonnoma tuzish vakolati ham qonuniy asosda mustahkamlanadi. Bundan tashqari, ichki ishlar organlari va FVV xodimlariga elektr energiyasidan yoritish maqsadida xo‘jasizlarcha foydalanish holatlarida ma’muriy bayonnoma tuzish huquqi beriladi.

Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimovning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining asosiy maqsadi energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, ularni isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023 yil iyunidan boshlab elektr, issiqlik, gaz va suvdan noqonuniy foydalanish holatlari o‘g‘rilik deb e’tirof etilib, jinoyat sifatida baholanadi. Bu kabi huquqbuzarliklar uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. Oz miqdorda sodir etilgan holatlarda esa 10-20 baravar BHM miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Kiritildi: 22:35 24.06.2025. O'qildi: 571 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!