O‘zbekistonda valyuta qimmatliklari, qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan yangi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Loyiha sohadagi jinoiy va ma’muriy javobgarlikni qayta shakllantirishni nazarda tutadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan mazkur loyiha orqali O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, qimmatbaho metallar va toshlarni noqonuniy ravishda olish yoki realizasiya qilish holatlariga nisbatan aniq javobgarlik belgilanmoqda.
Shu bilan birga, qonun hujjatlaridagi «valyuta qimmatliklari», «qimmatbaho metallar» va «qimmatbaho toshlar» kabi tushunchalarning huquqiy ta’riflari o‘zaro muvofiqlashtirilmoqda. Bu esa, sohada yagona huquqiy amaliyotni shakllantirishni ko‘zlaydi.
E’tiborga molik jihatlardan biri — valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlikni bekor qilish taklif etilmoqda. Bu orqali tadbirkorlar uchun valyuta operasiyalarida yengillik va erkinlik muhitini yaratish maqsad qilingan.
Qonun loyihasi qonun hujjatlarining bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, bozor iqtisodiyotida shaffoflik va raqobatbardosh muhit yaratishni maqsad qiladi. Shu bilan birga, davlatning qimmatbaho resurslar bilan bog‘liq siyosatini aniq qonuniy asoslar orqali mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokamalar natijasida deputatlar tomonidan loyiha konseptual jihatdan ma’qullandi va birinchi o‘qishda qabul qilindi.