Toshkentda “MINEX Central Asia 2025” forumi bo‘lib o‘tdi
“Kritik mineral resurslar xavfsizligida Markaziy Osiyoning rolini oshirish” shiori ostida “MINEX Central Asia 2025” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Tog‘-kon va geologiya vazirligi hamda O‘zbekiston Texnologik metalllar kombinati tashabbusi bilan tashkil etildi.
Forumning ochilish marosimida MINEX forumi Ijroiya qo‘mitasi raisi Artur Polyakov, Tog‘-kon va geologiya vazirligi mas’ullari, Texnologik metalllar kombinati boshqaruv raisi Farhod Abdullayev hamda qator rahbarlar so‘zga chiqib, forumni tantanali ravishda ochib berishdi. Marosim doirasida MINEX forumi Ijroiya qo‘mitasi raisi tomonidan forum tashabbuskorlariga rasmiy minnatdorlik nomalari topshirildi.
Forumning asosiy sessiyalaridan biri “O‘zbekistonning kritik minerallar ta’minotidagi global yetakchiligini mustahkamlash” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda TMK vakillari tomonidan qazib olish, qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlarini integrasiyalash orqali samaradorlikka erishish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tog‘-kon sohasiga oid qonunchilik islohotlari, investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, investisiyaviy xatarlarni kamaytirish, xalqaro standartlarga mos tartibga solish tizimini joriy etish, institusional salohiyatni oshirish va ochiq, ishonchli jarayonlar orqali investorlar ishonchini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Forum doirasida mintaqaviy hamkorlik, infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish hamda mahalliy qo‘shilgan qiymat yaratish mavzulariga alohida e’tibor qaratildi.
“MINEX Central Asia 2025”da AQSH, Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Avstriya, Belgiya, Yaponiya, Xitoy, Koreya, Turkiya, Rossiya, Kanada kabi 21 ta mamlakatdan 200 dan ortiq diplomatik missiyalar, xalqaro kompaniyalar, investorlar, ishbilarmonlar va geologiya sohasining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Forum doirasida ishtirokchilar Geologiya muzeyi va Texnoparkka tashrif buyurishdi. Muzeyda xorijiy mehmonlar 12 ta ko‘rgazma zalidagi ekspozisiyalar bilan tanishishdi. Texnoparkda esa ishlab chiqarish quvvatlari, eksport yo‘nalishlari va qo‘shma loyihalar namoyish etildi.