BMT 2024 yilda bolalarga qarshi harbiy nizolardagi zo‘ravonliklar «misli ko‘rilmagan daraja»ga yetganini ma’lum qildi. Eng ko‘p huquqbuzarliklar G‘azo va ishg‘ol etilgan G‘arbiy sohilda Isroil armiyasi tomonidan sodir etilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilni bolalar huquqlarini buzuvchi davlatlar ro‘yxatida saqlab qoldi. Bu qaror 2023 yil 7 oktyabrdan beri davom etayotgan G‘azoga qarshi urush fonida qabul qilindi.
BMTning «Qo‘zg‘olonchi hududlardagi bolalar» bo‘yicha yillik hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda bolalarga nisbatan jiddiy zo‘ravonlik holatlari 2023 yilga nisbatan 25 foizga oshgan. Umumiy hisobda 41 370 ta og‘ir huquqbuzarlik aniqlangan. Ular qatorida o‘ldirish, tan jarohati yetkazish, jinsiy zo‘ravonlik, maktab va shifoxonalarga hujumlar bor.
Isroil va ishg‘ol etilgan Falastin hududlarida 2 959 nafar bolaga qarshi 8 554 ta og‘ir huquqbuzarlik qayd etilgan. Ulardan 2 944 nafari falastinlik, 15 nafari isroillik bolalardir.
G‘azo sektorida 1 259 nafar falastinlik bola o‘ldirilgani, 941 nafari tan jarohati olgani tasdiqlangan. Hozirda BMT G‘azodagi sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilgan yana 4 470 bola o‘limi holatini ham tekshirmoqda.
BMT qayd etganicha, bu ro‘yxat davlatlar bolalarga qarshi harakatlari uchun javobgarlikka tortilishiga qaratilgan. Isroilning ro‘yxatda qolishi xalqaro tashkilotlarning ushbu muammoga jiddiy munosabatini yana bir bor namoyon qilmoqda.