Rossiya prezidenti bu haqda Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida xalqaro axborot agentliklari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.
"Agar Ukraina davlati Rossiya bilan muzokaralar olib borishni kimgadir ishonsa, mayli, bu Zelenskiy bo‘lsa ham uchrashishga tayyorman. Muammo bunda emas, gap sulh hujjatini kim imzolashida. Men hech narsa o‘ylab topganim yo‘q. Tashviqot nuqtayi nazaridan Ukrainaning amaldagi hokimiyati legitimligi haqida istalgan fikrni aytish mumkin, ammo biz uchun jiddiy masalalarni hal qilishda huquqiy tarkibiy qism muhim", – deya fikr bildirdi Vladimir Putin.
"Ukraina Konstitusiyasiga ko‘ra, mamlakat prezidenti besh yilga saylanadi, ushbu hujjatda hukumat vakolatlarini uzaytirish usullari yo‘q, hatto harbiy holat sharoitida ham. Agar davlat rahbari qonuniy bo‘lmasa, butun hokimiyat tizimi qonuniy bo‘lmay qoladi", — dedi Rossiya prezidenti. Putinning so‘zlariga ko‘ra, harbiy holat vaqtida faqat Ukraina Oliy Radasining vakolatlari uzaytiriladi.
Putinning qayd etishicha, Rossiyaga muzokaralarni kim olib borayotgani ahamiyatsiz, hatto u “amaldagi rejim rahbari” bo‘lsa ham.
"Uchrashuv o‘tkazilishi mumkin, agar bu qandaydir yakuniy bosqich bo‘lsa. Lekin bunga nuqta qo‘yish zarur, imzo qonuniy hokimiyat tomonidan qo‘yilishi shart. Bo‘lmasa, keyingisi kelib, hammasini chiqindiga otadi! Bunday qilish mumkin emas, biz jiddiy masalalarni hal qilyapmiz!", – deya qo‘shimcha qildi Rossiya rahbari.