AQSh prezidenti Donald Tramp “Shimoliy oqim 2” gaz quvuriga aynan o‘zi nuqta qo‘yganini aytdi.
Bu haqda u Oq uyda Germaniyaning yangi kansleri Fridrix Mers bilan birinchi uchrashuvida aytib o‘tdi.
"O‘ylab ko‘rsangiz, Germaniyaga ketadigan "Shimoliy oqim 2" qurilishini men to‘xtatganman. Kechirasiz. Lekin men "Shimoliy oqim 2"ga chek qo‘ydim. Buni boshqa hech kim qilmagan", - deya ta’kidladi Amerika rahbari.
Trampning qo‘shimcha qilishicha, birinchi prezidentlik muddati tugashi bilan uning o‘rniga AQShning sobiq yetakchisi Jo Bayden kelganida, u o‘zidan oldingi prezidentning harakatlarini darhol ma’qullagan.
"Bu mohiyatan Germaniya va boshqa mamlakatlarga ketadigan dunyodagi eng yirik quvur. Bizda neft va gaz shunchalik ko‘pki, Germaniya hammasini sotib ololmaydi", - deya davom etdi siyosatchi.
Tramp ta’kidlaganidek, Vashington va Berlin bu miqdordagi Amerika yoqilg‘isidan savdo bitimini tuzish uchun foydalanishi mumkin.
Mers 28 may kuni Berlinda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Germaniya hukumati "Shimoliy oqim 2" gaz quvurining qayta tiklanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsani qilishini aytdi. Mersning ta’kidlashicha, Germaniya Rossiyaga sanksiyalarni kuchaytirish sohasida bosimni oshirishda davom etadi.