Bugun 7 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Isroil 2024 yilda 14 mlrd dollarlik harbiy shartnomalar tuzgan

Isroil 2024 yilda 14 mlrd dollarlik harbiy shartnomalar tuzgan

G‘azodagi urushga xalqaro tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytda, Isroil 2024 yilda tarixdagi eng yirik mudofaa shartnomalarini — qariyb 15 mlrd dollarlik kelishuvlarni imzoladi. Kelishuvlarning yarmidan ko‘p qismini Yevropa davlatlari tashkil etdi.

Isroil Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda mamlakat qariyb 15 milliard dollarlik harbiy shartnomalar tuzib, o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Bu 2023 yilda qayd etilgan rekorddan 13 foizga yuqori. Kelishuvlarning 54 foizi Yevropa davlatlari bilan amalga oshirildi.

Shartnomalar asosan raketa, havo mudofaasi tizimlari, zirhli texnikalar, sun’iy yo‘ldosh va kiberxavfsizlik sohalariga taalluqli. Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, shartnomalarning yarmidan ko‘pi 100 mln dollardan ortiq qiymatda bo‘lgan.

Qolgan kelishuvlar — 23 foiz Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlar, 12 foiz Abraxam kelishuvlari doirasida Isroil bilan munosabatlarni normallashtirgan arab davlatlari, 9 foiz Shimoliy Amerika, 1 foizdan Lotin Amerika va Afrika davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kas ushbu natijani mamlakatning maydondagi «harakatdagi yutuqlari» bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «dunyo Isroil kuchini tan olyapti va unga sherik bo‘lishni xohlayapti».

Bu orqali Isroil xalqaro maydonda tanqidlarga qaramay, o‘z harbiy mahsulotlariga bo‘lgan talabni saqlab qolmoqda. Ammo ayni paytda Kanada va Fransiya kabi do‘st davlatlar G‘azodagi urush tufayli Isroilga nisbatan tanqidlarni oshirmoqda, Buyuk Britaniya esa erkin savdo muzokaralarini to‘xtatib qo‘ygan.

Ayrim mamlakatlar mudofaa kelishuvlarini bekor qilishgacha borgan — xususan, Ispaniya Isroil kompaniyasi shoxobchasi ishlab chiqarishi kerak bo‘lgan tankga qarshi raketa majmuasi shartnomasini bekor qildi.

Xalqaro tanqidlarga sabab bo‘lgan G‘azodagi urushda 54 mingdan ortiq inson, asosan ayol va bolalar halok bo‘lgani qayd etilmoqda. Bundan tashqari, Isroilning yordam kirishini qariyb uch oy to‘xtatib qo‘ygani xalqaro munosabatlarga jiddiy ta’sir etdi.

Kiritildi: 16:53 05.06.2025. O'qildi: 521 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!