Disney butun dunyo bo‘ylab yuzlab xodimlarini, jumladan kino, televideniye va moliya bo‘limlarini ishdan bo‘shatishini ma’lum qildi, deb xabar beradi AZERTADJ.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘ngilochar gigant kabel televideniyesi obunachilari sonining kamayishi va striming platformalariga o‘tish bosimi ostida.
"Bizning industriya tez o‘zgarmoqda, biz doimo mijozlarimiz qadrlaydigan zamonaviy ijodkorlik va innovasiyalarni qo‘llab-quvvatlagan holda biznesimizni yanada samarali boshqarish yo‘llarini qidiramiz", - dedi kompaniya vakili BBCga.
Bu qisqartirish – Disney kompaniyasi bosh direktor Bob Igerning 5,5 milliard dollarlik xarajatlarni qisqartirish rejasining bir qismi sifatida 2023 yilda 7 ming xodim ishdan bo‘shatilgandan keyingi to‘lqin.
Ishdan bo‘shatish kompaniyaning ko‘plab bo‘limlariga, jumladan, marketing, kasting, loyihalarni ishlab chiqish va kino va televideniye sanoatidagi korporativ moliyaga ta’sir qiladi.
Biroq, kompaniya hech bir bo‘linma butunlay yopilmasligini ta’kidladi.
Kaliforniyada joylashgan kompaniyada hozirda 233 ming kishi ishlaydi, ularning 60 mingdan ortig‘i AQShdan tashqarida ishlaydi. Disney ko‘ngilochar sohadagi ko‘plab kompaniyalarga egalik qiladi, jumladan Marvel, Hulu va ESPN.
May oyida Disney yilning dastlabki uch oyi davomida kutilganidan ko‘ra yaxshiroq daromad keltirganini ma’lum qildi, umumiy daromad 23,6 milliard dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga ko‘pdir. Kompaniya buni Disney+ striming xizmatiga yangi obunachilarning ko‘payishi bilan izohladi.