Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi hamkorligida OAV vakillari va blogerlar uchun "Energiya tejamkor qurilish materiallaridan foydalanish zamon talabi" mavzusidagi press-tur tashkil etildi. Navbatdagi tadbir Toshkent viloyatida joylashgan energiya tejamkor 3D panel va suyuq gulqog‘ozlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "ICHANKI-LongYong" MCHJDA bo‘lib o‘tdi. Unda korxona rahbar va xodimlari, mas’ul mutasaddilar, soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, tadbir ishtirokchilari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda korxona rahbari investisiya loyihasi, mahsulot turi va sifati, ishlab chiqarish jarayoni va quvvati, eksport salohiyatlari haqida to‘liq ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, "ICHANKI-LongYong" MCHJ 2022 yilda tashkil etilgan bo‘lib. loyiha qiymati 3 mln. dollar. Korxona Xitoyning so‘nggi rusumdagi texnologiyalari bilan jihozlangan. Bu yerda yiliga 4 mln m. kv. 3 D panel va 7,5 mln. m.kv suyuq gulqog‘ozlar ishlab chiqariladi. Mahalliy aholi uchun 100 ta yangi ish o‘rinlari tashkil qilingan. Korxonaning barcha mahsulotlari sertifikatlangan bo‘lib, yuqori sifatga ega va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi.
Hozirda tayyor mahsulotlar Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston , Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Rossiya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. E’tiborlisi, 2024 yilda 500 ming dollar miqdorida eksport amalga oshirilgan. Joriy yilda mazkur ko‘rsatkichni 1 mln dollar yetkazish ko‘zda tutilgan.
Press-tur davomida OAV vakillari 3D panel va suyuq gulqog‘ozlar xom ashyosi, zamonaviy texnologiyalar, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, korxonaning kelgusidagi rejalar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishdi. Korxona shourumida sinov jarayonlarini amaliy namoyish etildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob olishdi.
Ma’lumot uchun, 3 D panellar qish faslida isitish xarajatlarini, yozda esa sovitish xarajatlarini kamaytiradi. Ularning asosiy ko‘pikli tuzilmasi issiqlik va sovuqlikni ushlab turadi. Qishda: elektr yoki gaz pechlar bilan isitilganda issiqlik chiqishini 5-7% ga kamaytiradi. Yozda: quyosh nurlari devorni qizitishini sekinlashtiradi, bu esa konditsioner yuklamasini kamaytiradi. Ovoz yutish effekti ham mavjud (taxminan 0.25 NRC).
Hisob-kitoblarga ko‘ra,
Qishda (5 oy davomida elektr isitish)
Tejalgan energiya: taxminan 900 kVt
Tejalgan summa: taxminan 900,000 so‘m
Yozda (4 oy davomida konditsioner):Tejalgan energiya: taxminan 384 kVt
Tejalgan summa: taxminan 384,000 so‘m
Umumiy yillik tejam: taxminan 1,284,000 so‘m