Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov O‘zbekiston delegasiyasining Moskvaga tashrifi doirasida Rossiya Federasiyasi Prezidenti Administrasiyasi Rahbarining o‘rinbosari - Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bilan uchrashdi.
Axborot sohasidagi hamkorlik va soha uchun mutaxassislar tayyorlashning dolzarb masalalari va istiqbollari muhokama qilindi.
Davlatlarimiz rahbarlarining matbuot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, professional tajriba va strategik kommunikasiyalarga doir yondashuvlar almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tez o‘zgaruvchan media muhit va raqamli platformalar ahamiyati ortib borayotgan sharoitda xodimlarning malakasini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, kelgusidagi ayrim rejalar, shu jumladan axborot siyosati va ikki tomonlama kun tartibini media jihatidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishga tushirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ochiq muloqot, professional hamkorlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlashga intilish mushtarak ekani tasdiqlandi.