Husiylar Tel-Avivga uchayotgan samolyotlarni o‘qqa tutishi mukinligini aytmoqda.
Yaman "Ansorulloh" (husiylar) harakati Oliy siyosiy kengashi raisi Mahdiy al-Mashat aviakompaniyalarni Tel-Avivga parvoz qilishdan ogohlantirdi. Uning aytishicha, Ben-Gurion aeroportiga yo‘l olgan havo kemalari hujum xavfi ostida qolishi mumkin.
"Ben-Gurion nomi bilan mashhur bo‘lgan Lod aeroportiga uchishni davom ettirayotgan barcha aviakompaniyalarga murojaat qilaman: ular har qanday vaqtda xavf ostida qolishi mumkin," - dedi al-Mashat husiylar nazoratidagi Al Masirah telekanali efirida. U, shuningdek, yo‘lovchilarni bunday tashuvchilar xizmatidan foydalanmaslikka chaqirdi, chunki parvozlar "xavfsiz emas".
Bundan oldin Isroil mudofaa armiyasi matbuot xizmati Sano xalqaro aeroporti va "Ansorulloh"ga tegishli samolyotlarga zarbalar berilgani haqida xabar bergan edi.