Afsuski, hayotda turli vaziyatlar uchraydi. Oilaviy ajralishlar esa nafaqat ruhiy, balki moddiy tomondan ham qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Ayniqsa, kelinlik sarpolarini qaytarib olish ba’zida muammoga aylanadi. Ammo qonun himoyasida bunday muammolar hal etiladi.
Yaqinda Majburiy ijro byurosining Zomin tuman bo‘limiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning bir ijro hujjati kelib tushdi. Unga ko‘ra, fuqaro R.SH. va D.B. foydasiga, ajrashgan turmushdan so‘ng, kelin bo‘lib tushgan uyidan 15 turdagi shaxsiy mol-mulklarni (kelinlik sarpolarini) olib berish belgilangan edi.
Davlat ijrochisi ushbu ijro hujjati asosida ishga kirishdi. Qarzdor tomon bilan muzokaralar olib borilib, ijro harakatlari amalga oshirildi. Xolislar ishtirokida hujjatda ko‘rsatilgan barcha 15 turdagi mol-mulk to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, undiruvchi fuqaroga (kelinga) qaytarib berildi.
MIB xodimlarining tezkor va qonuniy harakatlari natijasida fuqaro o‘z qonuniy mulkini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.