Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Moskvada Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarning ayrim tafsilotlarini e’lon qildi.
Avvalroq, Moskvada Turkiya vaziri Rossiya prezidentiga uning turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning muhim xabarlarini yetkazganini ta’kidlagan edi.
"Biz prezident Erdo‘g‘an uchun muhim bo‘lgan jihatlarni muhokama qildik. Xususan, bu Rossiya-Ukraina mojarosi. Rossiya Federasiyasi va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar har doim samarali bo‘lishi muhim, deb hisoblaymiz," - dedi Fidan.
Uning ta’kidlashicha, Turkiya mojaroni hal qilishga bundan keyin ham qo‘lidan kelgancha hissa qo‘shishga tayyor.
Fidan so‘zlariga ko‘ra, "Akkuyu" atom elektr stansiyasini qurish jarayoni, yuzaga kelgan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari, shuningdek, Rossiya gazini Turkiyaga yetkazib berish masalalari batafsil muhokama qilingan. Turkiya vaziri, shuningdek, Putin bilan muzokaralarni juda samarali deb atadi.