Urush boshlanganidan beri Rossiya armiyasi saflaridan qariyb 50 ming kishi qochgan, deya yozmoqda “Vajnie istorii” nashri.
2024 yil oxiriga kelib, kamida 49 ming rossiyalik harbiy xizmatchi dezertirlik yoki o‘zboshimchalik bilan harbiy qismini tark etgani uchun qidiruvga berilgan. Bu haqda “Vajnie istorii” nashri internetga sizib chiqqan bir necha ma’lumotlar bazasini o‘rganib ma’lum qildi.
Hujjatlarga ko‘ra, qidiruv e’lon qilish holatlari, asosan, frontdan yoki harbiy qism hududidan qochish, shuningdek ta’til yoki davolanishdan so‘ng xizmatga qaytishdan bosh tortish holatlari bilan bog‘liq. Qidiruvda bo‘lgan ba’zi harbiylar keyinroq halok bo‘lgan, bedarak yo‘qolgan yoki asirga tushgan, deb tan olingan.
Huquq faollarining ta’kidlashicha, haqiqiy dezertirlar soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. “Idite lesom” loyihasi vakillarining ma’lum qilishicha, 2024 yilda ularga ushbu masala yuzasidan maslahat so‘rab 3800 kishi murojaat qilgan, bu 2023 yilga nisbatan 2,5 baravar ko‘p.