Vashington va Moskva vakillari Rossiya gazini Yevropaga yetkazishni tiklash imkoniyati bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Reuters o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, «Moskvaning YEI gaz bozoridagi rolini tiklash RF prezidenti Vladimir Putin bilan tinchlik sulhini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin». Gaz yetkazib berishni tiklashda AQShning ishtiroki Rossiyaga Yevropada «siyosiy qarshiliklarni» yengishga, Vashingtonga esa ta’minot hajmini nazorat qilish imkoniyatini berishi mumkin.
Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va RF prezidentining xorij davlatlari bilan investisiya-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev Rossiya—Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davomida gaz yetkazib berish masalasini ham muhokama qilgan.
Muzokaralar davomida Moskva va Vashington vakillari tomonidan AQShdagi investorlarning «Shimoliy oqim» yoki «Gazprom» bilan bog‘liq loyihalardagi ishtiroki ham muhokama qilingan. Variantlardan biri sifatida Rossiya gazini Amerika kompaniyasi sotib olishi, keyin esa uni Yevropaga import qilish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Yanvar oyida Financial Times Yevropa Ittifoqidagi amaldorlar YEI davlatlari Rossiya gazini xarid qilishni tiklash imkoniyatini muhokama qilishni boshlagani haqida yozgandi.