Demokrat kongressmen Shri Tanedar Trampga qarshi “impichment bo‘yicha yettita modda”ni taqdim etdi.
Michigan shtatidan kongressmen Qo‘shma Shtatlarning amaldagi prezidentini "adolatga to‘sqinlik qilish, hokimiyatni suiiste’mol qilish, vakolatlarni o‘zlashtirish, poraxo‘rlik va korrupsiyada" ayblamoqda.
Trampga qo‘yilgan ayblovlar orasida Kilmar Abrego Garsiyani deportasiya qilish ham bor. Kongressmenning so‘zlariga ko‘ra, bu shaxs noqonuniy ravishda Salvadorga jo‘natilgan. Tanedar, shuningdek, Kongress ruxsatisiz Ilon Mask boshchiligida Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) tashkil etilgani va u orqali ayrim hukumat idoralarining moliyalashtirilishi qisqartirilganini ham tanqid qildi.
Impechmentga yana bir sabab sifatida Trampning savdo tariflari siyosati keltirilgan. Kongressmenning fikricha, bu xalqaro iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Tanedar jurnalistlarga bosim, so‘z erkinligining buzilishi holatlarini ham eslatib o‘tdi.
"Donald Tramp cheklanmagan hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga va prezidentlikning AQSh Konstitusiyasida belgilangan chegaralarini yo‘q qilishga harakat qilmoqda. Bizning mamlakatda prezident bor, qirol emas. Bu shunchaki xatolik emas, bu impichmentga asos bo‘ladigan xatti-harakatdir", – deya izoh berdi Tanedar.
Kongressdagi demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris Tanedarning ayblovlari bilan hali batafsil tanishib chiqmaganini ma’lum qildi.
"Ushbu tashabbus haqiqiy oqibatlarga olib kelishi dargumon. Chunki hozirda respublikachilar Kongress Vakillar palatasi va Senatida ko‘pchilikni tashkil etadi", deb yozadi Axios.
Eslatib o‘tamiz, boshqa demokratlar ham Trampga qarshi impichment bo‘yicha tashabbus ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Masalan, Texas shtatidan kongressmen El Grin impichment loyihasini tayyorlayotganini ma’lum qilgan.